Главная » 2019 » Март » 27

Ukraina prezidentlik saylovidagi «kuchli beshlik». Kimda imkoniyat qanday?



Ukrainada prezidentlik saylovlarining birinchi turi 31 mart kuni bo‘lib o‘tadi, saylov byulletenlarida esa 31 nomzod nomi ko‘rsatilgan. Ammo ayni vaqtga kelib ijtimoiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra nomzodlarning 5 nafari reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha qolganlaridan yaqqol ajralib qolgan.

Bi-bi-si nomzodlarning «kuchli beshligi» haqida asosiy ma'lumotlarni keltiradi: quyida ularning dasturlari, ustunliklari va kamchiliklari, shuningdek, Rossiyaga munosabatlari haqida bilib olish mumkin.

Vladimir Zelenskiy, 41 yoshda, komik

Kinokomediyalarda Napoleon va Ukraina prezidenti rollarini ijro etgan bu aktyor endi chindan Ukraina prezidentiga aylanishi mumkin va bu hazil emas.

Qisqacha tarjimai holi
Krivoy Rogda tug‘ilgan, yuridik tahsil olgan, lekin shu kungacha mutaxassisligi bo‘yicha ishlamagan. KVNdagi ijrolari orqali mashhur bo‘lgan, ammo Aleksandr Maslyakov bilan janjallashib qolgach, o‘zi boshchiligidagi «95-kvartal» jamoasini muvaffaqiyatli studiyaga aylantirib, yumoristik shoular, komedik filmlar va seriallar yaratishga kirishgan. Zelenskiy «Xalq xizmatkori» («Sluga naroda») filmida o‘qituvchilikdan Ukraina prezidentiga aylangan shaxs rolini ijro etgan.

Saylovoldi dasturi
«Men bir muddatga prezident bo‘lmoqchiman. Birinchi qonun loyihasi - «xalq hokimiyati» bo‘ladi, buning evaziga xalq hokimiyatga referendum orqali vazifalar qo‘yishi mumkin. Har bir tadbirkor o‘z daromadlarining 5 foizini qonuniylashtirishiga imkon beriladi. Har bir bola davlat tomonidan o‘zlashtirilayotgan tabiiy zaxiralardan o‘z hisobiga daromad yig‘ib bora oladi.Imtiyozlar va subsidiyalar monetizatsiya qilinadi. Ukraina ekologik toza mahsulotlar sotadigan jahon bozoriga aylanadi».

Rossiya haqida
«Men u yerga tomosha qo‘ygani bora olmayman, bundan o‘zimni shunchaki yomon his qilaman»

Nima yordam berishi mumkin?

Ukraina siyosatidagi «yangi, gard yuqmagan yuz» imiji;
Saylovchilar uni «Sluga naroda» seriali qahramoniga tenglashtirgan holda ovoz berishadi;
Tashviqot tadbirlari konsertlar ko‘rinishida butun Ukraina bo‘ylab o‘tkazilmoqda.
Nima xalal berishi mumkin?

Siyosiy yoki jamoatchilik ishlaridagi tajribaga ega emas;
Oligarx Igor Kolomoyskiy bilan aloqalari borligi taxmin qilinadi;
Rossiyada biznesi borligi haqida ham ma'lumotlar tarqalgan.
Saylovoldi kampaniyasi shiori: «Barchasini birgalikda qilamiz!»
Ishtiroki tartibi: «Sluga naroda» partiyasidan nomzodi ilgari surilgan
Saylovlardagi tajribasi: yo‘q.

Pyotr Poroshenko, 53 yosh, Ukraina prezidenti

U o‘zini Putin uchun eng «noma'qul» nomzod sifatida ataydi. Reytingi zo‘r emas, ammo u hayotida biror marta saylovlarda mag‘lub bo‘lmaganini ta'kidlamoqda.

Qisqacha tarjimai holi
1965 yilda Odessa oblasti, Bolgrad shahrida tug‘ilgan. Eng badavlat ukrainlardan biri, Yushchenko davrida Xavfsizlik kengashi kotibi (2005), Ukraina Milliy banki raisi (2007-2012) va Tashqi ishlar vaziri (2009-2012) bo‘lgan, Yanukovich davrida Iqtisodiyot vaziri (2012) bo‘lib ishlagan. Uning prezidentga aylanishi kutilmaganda ro‘y bergan: Yevromaydan voqealaridagi faol ishtirokidan keyin (rus nashrlariga ko‘ra, u namoyishlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan) u Kiyev merligiga mo‘ljallashgandi. U bir necha soat ichida o‘z biznesini (Roshen konserni, 5 Kanal telekanali va boshqalar) sotishga, Donbassdagi avtonom tuzilmalarga barham berishga hamda Ukrainani NATOga a'zo qilishga va'da bergach, saylovchilarning aksarining qo‘llab-quvvatloviga erishdi, asosiy raqib Vitaliy Klichko uning foydasiga saylov poygasini tark etdi. Prezident bo‘lib olganidan keyin u yuqoridagi va'dalarini bajarmadi va buning uchun uzr so‘rash bilan cheklandi.

Saylovoldi dasturi
«Bizning missiya - YeI va NATO a'zoligi, 2023 yilda zayavka beramiz, mintaqa yetakchisi sifatida a'zo bo‘lamiz. Boshlangan islohotlarni yakunlaymiz, bosqinchi davlat yetkazilgan zararni qoplaydi. Biz Rossiya agressiyasidan nafaqat o‘zimizni, balki butun Yevropani himoya qilamiz. Iqtisodiyotdagi strategik maqsadlar: agrar sektor, ІT-sektor, industrial taraqqiyot, transport va turizm. Ukraina - bu Yevropa».

Rossiya haqida
«Putin Ukrainani yo‘qotish uning imperiyani qayta tiklash va Rossiyani superqudratli davlat maqomiga qaytarish bo‘yicha rejalaridagi halokat ekanini yaxshi tushunadi».

Nima yordam berishi mumkin?

Gubernatorlar va yirik shaharlar merlarining qo‘llab-quvvatlovi;
Vatanparvar-arbob, Putinning dushmani, Ukraina armiyasini oyoqqa turg‘iza olgan shaxs imiji;
Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz rejim va Ukrain provaslav cherkovi avtokefaliyasi (mustaqilligi).
Nima xalal berishi mumkin?

Ukrainlarning hozirgi hokimiyatdan ko‘ngli qolgani;
Korrupsiyaga qarshi kurash yetarli darajada olib borilmayotgani va prezidentga yaqin kishilarning korrupsiyada ayblanishi;
Ukraina sharqidagi urush natijasiz tugashidagi ayblov.
Saylovoldi kampaniyasi shiori: «Biz o‘z yo‘limizdan boramiz!»
Ishtiroki tartibi: Mustaqil nomzod
Saylovdagi tajribasi: 2014 yil: 54,7 foiz (1-o‘rin).

Yuliya Timoshenko, 58 yosh, Oliy rada deputati

Uni Ukraina tarixidagi eng kuchli muxolifatchi deb atashadi. Ikki marta prezidentlik saylovlarida ishtirok etib, ikki safar ham ikkinchi o‘rinni egallagan. U bu saylovlarda katta tajriba to‘plagan.

Qisqacha tarjimai holi
Siyosatga 1997 yilda gaz biznesidan kelgan - uni hamon «gaz malikasi» deb atashadi. Ikki marta bosh vazir bo‘lgan, ikki marta iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, qamoqqa tashlangan, lekin o‘zini siyosiy mahbus deb atagan. U mamlakat tarixidagi barcha prezidentlarga qarshi kurash olib borgan: Kuchma, Yushchenko va Yanukovichning impichmentini sahnalashtirgan, endi esa Poroshenkoga raqiblik qilmoqda.

Saylovoldi dasturi
«Ukraina yangi kursi» ustida 4 yil davomida yuzlab ekspertlar ishlashdi. Rossiya Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplaydi. Fuqarolar hukumatni istalgan vaqtda o‘zgartirishlari mumkin, lekin qurolli inqiloblar bilan emas, referendumlar orqali. Inauguratsiya marosimidan bir oy o‘tgach, gaz narxi 2 barobar arzonlashadi. 5 yildan keyin ish haqi miqdori Polshadagi darajaga ko‘tariladi. Ipoteka kreditlari bo‘yicha yillik stavka 3 foizdan oshmaydi».

Rossiya haqida
«Kreml Ukraina xarobalik va xaos ichida qolishi, korrupsiya va qashshoqlik botqog‘iga botishidan, bir so‘z bilan aytganda vayronaga aylanishidan (Zaporojye hududi ichki urushlar girdobida qolgan 1657-1687 yillarga ishora - tahr.) manfaatdor. Bugungi kunda Ukraina hukumati aynan shunday qilmoqda. Aynan shuning uchun amaldagi hukumatni Kreml qo‘lida, uni Moskvaning xizmatkori deyish mumkin».

Nima yordam berishi mumkin?

Zamonaviy «yadroli elektorat», «Bizning Yulya» uchun ovoz berishga tayyor faol saylovchilar qatlami;
Ko‘p yillik siyosiy tajriba;
«Batkivshchina» partiyasining yaxshi tashkillashtirilgan tarmoqlari.
Nima xalal berishi mumkin?

Siyosatchilarning «eski avlodi» namoyondasi bo‘lgani;
2009 yilda Vladimir Putin bilan imzolangan «gaz kelishuvi» uchun tanqidlar;
Populizmda ayblanishi - tariflarni keskin pasaytirish yoki ukrainlarga SSSR Sberbankdagi ulushlarni qaytarish va'dalari.
Saylovoldi kampaniyasi shiori: «Ukrainaga ishonaman!» («VerYu v Ukrainu!»)
Ishtiroki tartibi: nomzodi «Batkivshchina» partiyasidan ilgari surilgan
Saylovlardagi tajribasi: 2010 yil: birinchi turda - 25 foiz (2-o‘rin), ikkinchi turda - 45,5 foiz (2-o‘rin). 2014 yil: 12 foiz (2-o‘rin).

Yuriy Boyko, 60 yosh, Oliy rada deputati

Hududlar partiyasi yetakchilaridan biri, «Muxolif partiya» fraksiyasi yetakchisi har qanday nomzod uchun jiddiy raqib bo‘la oladi. Ammo u ikkinchi turga o‘ta olishi oson bo‘lmaydi.

Qisqacha tarjimai holi
Gorlovkada tug‘ilgan, Rubejnoyeda ulg‘aygan (Gorlovka ayni vaqtda «Donetsk xalq respublikasi» nazorati ostida). U Moskva kimyo-texnologiyalari institutini tamomlagan, ishlab chiqarishda sohasida faoliyat ko‘rsatgan, Viktor Yanukovich va Nikolay Azarov hukumatida bosh vazir o‘rinbosari sifatida ishlagan. Bir vaqtlar qudratli Regionlar partiyasi yetakchilaridan biri hisoblangan. Uni ayrim doiralarda Rossiyaga yaqin siyosatchi sifatida bilishadi. Boyko biznesmen Dmitriy Firtash hamda «Ukraina tanlovi» harakati yetakchisi, Putinning Ukraina bilan munosabatlardagi vositachisi Viktor Medvedchuk bilan fikrdosh hisoblanadi. 2016 yilda Oliy radadagi yig‘ilishlardan birida «Radikal» partiya rahbari, joriy prezidentlik saylovlariga nomzodlardan biri Oleg Lyashko uni Moskvadan ko‘rsatmalar olib ishlashda ayblagach, siyosatchi unga musht tushirgani shov-shuv bo‘lgandi.

Saylovoldi dasturi
«Kiyev Donbass ziddiyatining barcha tomonlari bilan muzokara o‘tkazadi, ziddiyat tinch yo‘l bilan hal qilinadi. Fuqarolarning Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarga kirishi uchun to‘siqlar olib tashlanadi. Ukraina hududlarining iqtisodiy mustaqilligi ta'minlanadi. Pensiya va tibbiyot islohotlari bekor qilinadi. 10 yillik maktablar qaytariladi va fuqarolar o‘z ona tilida o‘qish huquqini qayta qo‘lga kiritadi. Ukraina betaraf va bloklarga qo‘shilmaydigan mamlakatga aylanadi».

Rossiya haqida
«Bizda har qayerda ruslarning izini ko‘rishlari - tushunarli hol. Hatto Nikolayevskiy yoki Xersonda buzoqlar tug‘ilishi kamayishida ham ruslarning qo‘li bor bo‘lib chiqadi»

Nima yordam berishi mumkin?

Saylovchilarga murojaatlar, hozirgi hokimiyat ishonchni oqlamagani;
Rossiya bilan munosabatlarni tiklash va'dalari: u saylovlarga o‘n kun qolganida Moskvaga uchib bordi va RF bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi;
«Omilkor xo‘jalik boshqaruvchisi» imiji.
Nima xalal berishi mumkin?

Saylov maydonida Boyko egallagan pozitsiyada undan boshqa kuchli nomzodlar ham bor - birinchi navbatda oligarx Rinat Axmedov tomonidan qo‘llanayotgan Aleksandr Vilkul;
«Boyko minorasi» («Vyshki Boyko») nomini olgan korrupsion mojaro bo‘yicha ayblov;
Siyosatchilarning «eski avlodi» namoyondasi bo‘lgani.
Saylovoldi kampaniyasi shiori: «Ukrainlarga munosib hayotni qaytaramiz!»
Ishtiroki tartibi: mustaqil nomzod
Saylovlardagi tajribasi: 2014 yil: 0,2 foiz (14-o‘rin).

Anatoliy Gritsenko, 61 yosh, «Fuqarolik pozitsiyasi» partiyasi rahbari

Sobiq Mudofaa vaziri, zaxiradagi polkovnik va partiya rahbari. U Poroshenkoni va'dabozlikda, Timoshenkoni aktrisalikda ayblab, ulardan ko‘ngli qolgan g‘arbparast saylovchilar orasida katta reytingga ega, deb hisoblanmoqda.

Qisqacha tarjimai holi
AQShda tahsil olgan sobiq harbiy amaldor, Ukrainadagi eng yirik tahliliy markazlardan birini boshqargan. U Yushchenko prezidentligi davrida 2 yil davomida Mudofaa vaziri bo‘lgan, NATO bilan yaqindan hamkorlik qilgan. Keyinroq o‘z partiyasiga asos solgan. 2014 yilda parlament saylovlarida kutilmaganda mag‘lub bo‘lgach, universitetda ramziy maosh evaziga Ukraina milliy xavfsizligi masalasida dars o‘ta boshlagan.

Saylovoldi dasturi
«Halol prezident barchaga o‘rnak bo‘ladi. Donbass hech qanday yon berishlarsiz, «alohida maqomlar»siz qaytariladi. Davlat amaldorlari soni qisqaradi, ammo ularning maoshi oshiriladi. Ularning pora olishga moyilligi ayyorona yo‘llar bilan tekshirib boriladi. Dori-darmon narxi ikki barobar arzonlashadi. Davlat yoshlarga birinchi ish joyini kafolatlaydi. Bu vazifalarni bajarish uchun menga 5 yillik muddat kifoya».

Rossiya haqida
«Sayyoradagi tinchlik uchun eng katta xavf, dunyodagi beqarorlikning asosiy omili - Rossiya Federatsiyasi»

Nima yordam berishi mumkin?

Keyingi yillarda hokimiyatga aloqador emas;
Boshqa «muxolif-demokrat» nomzodlar uning foydasiga nomzodini qaytarib olishi - Andrey Sadoviy va Dmitriy Gnap kabi;
Haqiqiy polkovnik imiji.
Nima xalal berishi mumkin?

Mudofaa vaziri bo‘lgan vaqtida harbiy mulkni sotib yuborgani bo‘yicha ayblov;
Donbassdagi harbiy harakatlarda ishtirok etmagani uchun ginalar;
Gritsenkoning elektorati uchun da'vogarlik qiladigan nomzodlar soni haddan tashqari ko‘pligi.
Saylovoldi kampaniyasi shiori: «Yanada ko‘proq halollar!»
Ishtiroki tartibi: nomzodi «Fuqarolik partiyasi» tomonidan ilgari surilgan.
Saylovlardagi tajribasi: 2010 yil: 1,2 foiz (9-o‘rin). 2014 yil: 5,5 foiz (4-o‘rin).

Reyting ma'lumotlari:
Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti (KXIS).
Shaxsiy intervyu. So‘rovlar 14 martdan 22 martga qadar o‘tkazilgan. Ukrainaning 126ta aholi yashash punktidagi 2004 nafar respondentdan fikr so‘ralgan. So‘rovlar Lugansk va Donetsk oblastlarining faqat Ukraina hukumati nazoratidagi hududida o‘tkazilgan. Qrimda so‘rov o‘tkazilmagan.

Statistik xatolik 50 foizlik ko‘rsatkich uchun 3,3 foizdan oshmaydi. O‘z navbatida, 25 foizlik ko‘rsatkich uchun 2,8 foiz, 10 foizlik ko‘rsatkich uchun 2 foiz, 5 foizlik ko‘rsatkich uchun 1,4 foiz.

«Sotsial monitoring» markazi va A.Yaremenko nomidagi Ukraina sotsial tadqiqotlar instituti.
Shaxsiy intervyu. So‘rov 11 martdan 18 martga qadar o‘tkazilgan. Statistik xatolik ehtimoli 2,2 foiz atrofida.


Do'stlaringizga ulashing / Поделиться:


Теги: saylovlar, Ukraina | Просмотров: 404 | Дата: 22.12.2024 |